
2. Muvaffaqiyatni xohlash muvaffaqiyatga kafolat bermaydi(mi ?).
Inson borki muvaffaqiyatlarga erishishni hohlaydi. Lekin muvaffaqiyatni xohlagan hamma ham muvaffaqiyatli bo’la oladimi ? Javobi esa hammamizga ma’lum, “Yo’q”. Xo’sh, nima uchun hamma ham katta yutuqlarga erisha olmaydi, garchi hohlasa ham ? Buni sabablari ko’p, ammo eng kattalaridan birlari bular, harakat (amal qilish) va intizom.
Harakat (Amal qilish)
Kelajakda ko’p pul ishlab topish, yuqori lavozimli ishlarda ishlash, muvaffaqiyat qozonishni hammamiz istaymiz, lekin bir narsa yuqoridagilarga erishganlar va erisholmaganlarni ajratib turadi. Amal qilish (Harakat) yo’qligi. To’g’ri, yaxshi niyat yarim mol, lekin biz istagan narsalarimizga olib boradigan yo’l uchun sabablarini qilmasak, natija ham yo’q degani. Misol uchun, maktab o’quvchisi kelajakda yuqori daromadli ishga kirmoqchi. Demak u hozirgi zamonda bunday ishga kirish uchun nimalar talab qilinishini bilishi lozim, misol uchun Ingliz tili va kompyuterni o’rganish. Keyin esa mana shu bilgan ilmiga amal qilib, Ingliz tili va kompyuterni o’rganishni boshlashi kerak. Ana shundagina u o’z maqsadiga yaqinlashadi va ko’pchilik qila olmagan ishni qilgan bo’ladi.
Intizom
Harakatni boshlagan odam, eng muhim qadamni tashlagan odamdir. Lekin bu degani maqsadiga erishdi degani emas. Har qanday yo’l kabi, bu yo’lni ham o’ziga yarasha qiyinchiligi va to’siqlari mavjud. Bu bosqichda juda ko’pchilik tushib qoladi. “Qiyin bo’lib ketdi” degan bahona bilan o’rganayotgan narsasini tashlab qo’yadi. Bilingki maqsadga va muvaffaqiyatga erishish doim mashaqqatli bo’lgan, shuning uchun ham hamma erisha olmagan. Qiyinchilik, mashaqqat, betoblik va hattoki kayfiyatni yo’qligida ham “Intizom” bilan davom ettira olganlargina maqsadlariga erisha oladilar. Shunchaki xohlaganlar emas.
Demak, muvaffaqiyat faqat uni xohlashdan boshlanadi, lekin unga erishish xohish bilan tugamaydi. Maqsadni aniqlash, unga tomon harakat qilish va qiyinchiliklarga qaramay intizomni saqlash kerak. Chunki xohish — niyatni beradi, harakat — yo‘lni boshlaydi, intizom esa manzilga yetkazadi.” Qisqa qilib aytganda: Harakat + Intizom = Natija